UZ RU

Debitorlik qarzi: mijoz to‘lovni kechiktirsa, nima qilish kerak

“Kapitalbank” maxsus loyihasining navbatdagi sonida tadbirkorlar xaridorlarning qarzlarini qanday nazorat qilishi, to‘lov muddatini kechiktirish bo‘yicha qanday kelishishi va biznesni kassa uzilishlaridan qanday himoya qilishi mumkinligi haqida so‘z boradi.

Tovar sotish yoki xizmat ko‘rsatish har doim ham darhol pul olishni anglatmaydi. B2B segmentida kompaniyalar ko‘pincha to‘lovni kechiktirish sharti bilan ishlaydi: yetkazib beruvchi mahsulotni jo‘natadi, pudratchi loyihani yakunlaydi, buyurtmachi esa bir necha haftadan so‘ng pul o‘tkazadi.

Bunday shartlar mijozlarni jalb qilish va savdo hajmini oshirishga yordam beradi, biroq biznesning o‘zi uchun ham xavf tug‘diradi. Shunday bitimlar ko‘payib ketsa, hatto foyda bilan ishlayotgan korxona ham aylanma mablag‘lar yetishmovchiligiga duch kelishi mumkin.

Afisha Media va “Kapitalbank”ning tadbirkorlar moliyaviy savodxonligini oshirishga qaratilgan “Katta Kapital 2.0” yillik maxsus loyihasining navbatdagi sonida debitorlik qarzlari bilan ishlash tizimini qanday yo‘lga qo‘yish, to‘lovlarning kechikish xavfini kamaytirish va biznes barqarorligini saqlash haqida so‘z yuritamiz.

01

Kimga va qanday shartlar asosida keyinroq to‘lash imkoniyatini berish mumkinligini aniqlash

01

Kimga va qanday shartlar asosida keyinroq to‘lash imkoniyatini berish mumkinligini aniqlash

To‘lov muddatini kechiktirish, aslida, kompaniya o‘z aylanma mablag‘lari hisobidan xaridorini vaqtincha moliyalashtirishini anglatadi.

Masalan, pudratchi 100 mln so‘mlik tovarni 30 kundan keyin to‘lash sharti bilan jo‘natadi. Shu vaqt davomida pul xaridorda qoladi, yetkazib beruvchi esa xaridlar, ijara va ish haqi uchun to‘lovlarni amalga oshirishi kerak. Shu sababli barcha mijozlarga bir xil to‘lov muddatini belgilash tavsiya etilmaydi.

Shartnoma tuzishdan oldin hamkorlik tarixi, uning to‘lov intizomi va kontragent haqida mavjud ma’lumotlarni tekshirish foydali. Yangi mijozlar uchun qisman oldindan to‘lov, qarzdorlikning kichikroq limiti yoki qisqaroq to‘lov muddatini belgilash mumkin.

02

To‘lov shartlarini shartnomada belgilash

02

To‘lov shartlarini shartnomada belgilash

“Mahsulot yetkazib berilgandan keyin to‘laymiz” degan og‘zaki kelishuv kelishmovchiliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Shartnomada to‘lov summasi, hisob-kitob valyutasi, aniq to‘lov muddati yoki uni belgilash tartibi, zarur hujjatlar va to‘lov kechiksa, qanday oqibatlar yuzaga kelishini ko‘rsatish lozim.

Masalan, “tovar qabul qilingandan keyin to‘lov amalga oshiriladi” degan jumla o‘rniga hisobvaraq-faktura imzolanganidan keyin o‘n kalendar kun ichida to‘lovni amalga oshirish shartini belgilash mumkin.

Shuningdek, tovar yoki xizmatni qabul qilish, hujjatlar almashinuvi va kelishmovchiliklarni hal etish tartibini alohida kelishib olish kerak. Bu, ayniqsa, to‘lov bir nechta tasdiqlash bosqichiga bog‘liq bo‘lishi mumkin bo‘lgan yirik buyurtmachilar bilan ishlashda muhim.

03

Qarzdorlikning yagona reyestrini yuritish

03

Qarzdorlikning yagona reyestrini yuritish

Kompaniyaning o‘nlab mijozlari bo‘lsa, yozishmalar va bank xabarnomalari orqali to‘lovlarni nazorat qilish qiyinlashadi. Shu sababli debitorlik qarzlarining yagona reyestrini yuritish maqsadga muvofiq. Unda kontragent, shartnoma raqami, qarz summasi, kutilayotgan to‘lov sanasi, to‘lov necha kunga kechikkani va mas’ul menejerni qayd etish kifoya.

Masalan, uchta mijoz har biri kompaniyadan 50 mln so‘mdan qarzdor. Ulardan biri ertaga, ikkinchisi bir oydan keyin to‘lovni amalga oshiradi, uchinchisi esa to‘lovni 45 kunga kechiktirgan. Bu qarzlar bilan bog‘liq moliyaviy xavflar bir-biridan farq qiladi. Reyestr nafaqat qarzning umumiy summasini, balki mablag‘lar kompaniyaga qachon kelib tushishi kerakligini ham ko‘rish imkonini beradi.

04

To‘lov muddati o‘tmasidan oldin mijozga eslatma yuborish

04

To‘lov muddati o‘tmasidan oldin mijozga eslatma yuborish

Qarzdorlik bilan ishlashni to‘lov muddati o‘tganidan keyin emas, balki oldindan boshlagan ma’qul. Masalan, to‘lov sanasidan uch-besh ish kuni oldin menejer mijozga to‘lov summasi, rekvizitlar va shartnoma raqami ko‘rsatilgan eslatmani yuborishi mumkin.

Agar to‘lov o‘z vaqtida kelib tushmasa, buning sababini aniqlash kerak: mijoz hisobni olmagan, hujjatlarda nomuvofiqlikni aniqlagan yoki vaqtincha mablag‘ yetishmovchiligiga duch kelgan bo‘lishi mumkin.

“Keyingi hafta to‘laymiz” degan og‘zaki va’da bilan cheklanib qolmasdan, aniq sanani kelishib olish muhim. To‘lovlar takroran kechiktirilsa, keyingi yetkazib berish shartlarini qayta ko‘rib chiqish lozim.

05

Kassa uzilishining oldini olish

05

Kassa uzilishining oldini olish

Kompaniya katta miqdorda pul tushumlarini kutayotgan bo‘lsa ham, bu mablag‘lar kerakli vaqtda uning ixtiyorida bo‘lishini anglatmaydi. Masalan, biznes oy oxirigacha mijozlardan 300 mln so‘m olishi kerak. Shu bilan birga, bir haftadan keyin pudratchilarga 120 mln so‘m, ish haqi uchun 80 mln so‘m va soliqlar uchun 40 mln so‘m to‘lashi zarur. Agar mijozlar to‘lovni kechiktirsa, kompaniya kassa uzilishiga duch kelishi mumkin.

Bunday xavfni oldindan aniqlash uchun to‘lovlar kalendarini yuritish, ya’ni kutilayotgan tushumlar va majburiy xarajatlarni sanalar bo‘yicha solishtirib borish kerak. Mablag‘ yetishmovchiligi yuzaga kelishi kutilayotgan bo‘lsa, yetkazib beruvchilar bilan to‘lov jadvalini o‘zgartirish bo‘yicha oldindan kelishib olish, debitorlik qarzlarining undirilishini tezlashtirish yoki qisqa muddatli moliyalashtirishning mavjud vositalarini ko‘rib chiqish mumkin.

06

Mijoz to‘lamasa, qarzni uzish jadvalini kelishib olish

06

Mijoz to‘lamasa, qarzni uzish jadvalini kelishib olish

Har bir kechiktirilgan to‘lov kontragent o‘z majburiyatlarini bajarishdan bosh tortayotganini anglatmaydi. Ba’zan xaridorda vaqtincha aylanma mablag‘lar yetishmovchiligi yuzaga keladi. Bunday vaziyatda tomonlar qarzni bo‘lib-bo‘lib to‘lashga kelishib olishlari mumkin. Masalan, 90 mln so‘mlik qarzni aniq to‘lov sanalarini belgilagan holda 30 mln so‘mdan uchta to‘lovga bo‘lish mumkin.

Yangi kelishuvni yozma ravishda rasmiylashtirib, unda qarz miqdori, to‘lov jadvali va unga rioya qilmaslik oqibatlarini ko‘rsatgan ma’qul. Shu bilan birga, taklif etilgan jadval kompaniyaning o‘zi uchun qanchalik qulay ekanini ham baholash muhim. Qarzni uzoq muddat davomida bo‘lib to‘lashga rozilik berish kreditorning o‘zida moliyaviy muammolarni keltirib chiqarishi mumkin.

07

To‘lov uzoq muddat kechiktirilganda rasmiy choralarga o‘tish

07

To‘lov uzoq muddat kechiktirilganda rasmiy choralarga o‘tish

Agar mijoz javob bermay qo‘ysa yoki kelishilgan to‘lov muddatlariga muntazam rioya qilmasa, eslatmalar yuborishdan qarzdorlik bilan hujjatlar asosida ishlashga o‘tish kerak.

Avvalo, o‘zaro hisob-kitoblarni solishtirish, shartnoma, to‘lov hujjatlari va majburiyatlar bajarilganini tasdiqlovchi hujjatlarni tekshirish lozim. Shundan so‘ng qarz summasi, uning yuzaga kelishiga asos bo‘lgan holatlar va to‘lov muddati ko‘rsatilgan yozma talabnoma yuborish mumkin.

Shartnoma shartlari va qonunchilikka muvofiq, jarima kabi javobgarlik choralari qo‘llanishi mumkin. Agar masalani kelishuv orqali hal etish imkoni bo‘lmasa, kompaniya qarzni sud orqali undirish masalasini ko‘rib chiqishga haqli. O‘zbekistonda yuridik shaxslar va tadbirkorlar o‘rtasidagi xo‘jalik nizolari, odatda, iqtisodiy sud ish yurituvi tartibida ko‘rib chiqiladi.

Debitorlik qarzi — korporativ mijozlar bilan ishlashning odatiy qismi.

U kompaniya pul mablag‘larining kelib tushish muddatlarini nazorat qilmay qo‘yganida muammoga aylanadi.

Aniq shartnomalar, o‘zaro hisob-kitoblarni muntazam solishtirish, to‘lovlar kalendarini yuritish va kechiktirilgan to‘lovlar bilan o‘z vaqtida ishlash moliyaviy xavflarni kamaytirish, kundalik faoliyat va biznesni rivojlantirish uchun zarur aylanma mablag‘larni saqlab qolish imkonini beradi.

Reklama huquqlari asosida.

Made on
Tilda